200 kishi halok bo‘lgan aviahalokat: Qarshidan uchgan samolyot nega qulab tushgandi?

1985 yil Qarshidan Leningradga uchayotgan Tu-154B-2 samolyoti Qizilqum cho‘lida, Navoiy viloyatida joylashgan ovul yaqinida halokatga uchraydi. Oqibatda, samolyot bortida bo‘lgan 9 nafar ekipaj a’zolari va 191 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi.

SSSR fuqaro aviatsiyasi tarixida eng ko‘p odam halok bo‘lgan aviahalokatlar ro‘yxatining eng tepasida 1985 yilda Qizilqum cho‘llariga qulab tushgan Tu-154B-2 samolyoti turadi. O‘shanda 200 kishi halok bo‘lgan bu hodisada uchuvchilar xatoga yo‘l qo‘ygan deb rasmiy xulosa beriladi. Aslida esa uzoq muddatli parvozlardan keyin yetarlicha dam olmagan uchuvchilar uxlab qolgani aytiladi.

1985 yil 10 iyul kuni Qarshidan Boshqirdiston poytaxti Ufa shahri orqali Leningradga uchayotgan Tu-154B-2 samolyoti samoga ko‘tarilganidan 46 minut o‘tib, Uchquduq shahridan 68 kilometr uzoqlikda Qizilqum cho‘lidagi Ko‘kpatas ovuli yaqiniga qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 9 nafar ekipaj a’zosi va 191 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi.

Tu-154B-2 (ro‘yxatga olingan raqami SSSR-85311, zavod raqami 78A311, seriya raqami 0311) samolyoti Kuybishev (hozirgi Samara shahri) aviatsiya zavodidan 1978 yil 2 yanvar kuni foydalanish uchun chiqarilgan. 1979 yil SSSR Fuqaro aviatsiyasi vazirligiga berilgan samolyotni Toshkent fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga jo‘natishadi. Mazkur samolyotga Qozon motor zavodida ishlab chiqarilgan uchta NK-8-2U dvigatellari o‘rnatilgandi. Samolyotda 9 nafar ekipaj a’zolari, 4 nafar uchuvchi va 5 nafari bort kuzatuvchisi bo‘lgan.

Halokat

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga tegishli Toshkent aviaotryadiga qarashli Tu-254B-2 samolyoti SU-5143 bort raqami ostida Qarshi-Ufa-Leningrad yo‘nalishida doimiy parvozlarni amalga oshirgan. Samolyot halokatga uchragan kuni uning 180 o‘rinli bortida 9 nafar ekipaj a’zosidan tashqari 191 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Yo‘lovchilardan 52 nafari yosh bolalar bo‘lgan. Ulardan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar 25 nafarni, 5 yoshgacha bo‘lganlari esa 27 nafarni tashkil etgan. O‘shanda ayrim onalar bitta o‘rindiqqa yosh bolasi bilan joylashgandi.

Qarshi aeroportidan Moskva vaqti bilan soat 19:00 da uchishi kerak bo‘lgan samolyot soat 23:00 da parvoz qiladi. O‘sha kuni Tu-154B-2 Toshkentdan belgilngan vaqtdan kechikib soat 18:45 da yetib keladi. Uchuvchilarning dam olishi, samolyotni parvozga tayyorlash, unga yonilg‘i quyish zaruratlari tufayli Tu-154B-2 to‘rt soat kechikib uchadi. Shunda ham uchuvchilar tuzukroq hordiq chiqarishga ulgurmaydi.

Yo‘nalishga ko‘ra samolyot avval Ufaga qo‘nib, so‘ng Leningradga uchishi kerak edi. Parvozning 4 soatga kechiktirilishi, buning ustiga Qarshining issiq ob-havosi barcha yo‘lovchilarni asabiylashtirgan va charchatgandi.

Samolyotni boshqargan uchuvchilar ekipaj komandiri Oleg Belisov va ikkinchi uchuvchi Anatoliy Pozyumskiy 12 ming soatdan oshiqroq parvoz qilgan tajribali uchuvchilar edi.

Samolyot havoga ko‘tarilgach oradan 40 minut o‘tib u soatiga 400 kilometr tezlikda belgilangan 11 600 metr balandlikka chiqadi. Shundan so‘ng, uchuvchilar avtomatik boshqaruv tizimini yoqishadi. Ammo kutilmaganda samolyotning elektr ta’minotida nosozlik yuz beradi va avtomatik boshqaruv tizimi hamda navigatsiya uskunalari ishlamay qoladi.

Shundan so‘ng samolyot silkina boshlaydi. Bortmuhandis ikki marta dvigatel harakatini tezlashtirish o‘rniga sekinlashtiradi. Ammo buning nafi bo‘lmaydi. Samolyot qattiq silkinish bilan birga tezligini kamaytira boshlaydi. Uchuvchilarning vaziyatni o‘nglash uchun qilgan barcha xatti-harakatlari natijasiz tugaydi.

Oradan bir necha soniya o‘tib samolyotning barcha dvigatellari o‘z-o‘zidan to‘xtaydi. Ekipaj komandiri samolyot dvigatellari ishlamay qolgani va ular qulashayotgani haqida dispetcherga xabar beradi.

Parvozdan 46 minut o‘tib samolyot Qizilqum cho‘liga, Uchquduq shahridan 68 kilometr shimoliy-sharqqa, Ko‘kpatas ovuli yaqiniga qulab tushadi. Samolyot qulab tushgach portlaydi va yonib ketadi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 9 nafar ekipaj a’zosi va 191 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlarning 52 nafari bolalar edi.

Tekshiruv va rasmiy xulosa

Tu-154B-2 samolyoti qulab tushgan zahoti halokat sabablarini o‘rganish uchun hodisa yuz bergan joyga turli mutaxassislar jo‘nab ketishadi.

Halokatni o‘rgangan komissiya a’zolari tayyorlagan hisobotga ko‘ra, soat 23:41da uchuvchilar balandlikni me’yorga keltirish uchun avtomatik boshqaruv tizimi dastagini itaradi. Oqibatda sho‘ng‘ish tezligi 3-4 m\s gacha ko‘tarilib ketadi. Keyinchalik sho‘ng‘ishni sekinlatish uchun dastakni tortishadi. Oqibatda samolyotda nosozlik yuzaga keladi va u silkina boshlaydi.

Uchuvchilardan biri havo bo‘shlig‘iga duch keldik deb o‘ylab dvigatelni sekinroq ishlovchi rejimga o‘tkazadi. U tezlikni oshirish o‘rniga balandlikni saqlab qolishga urinadi. Oqibatda tezlik 290 km/soatgacha tushib ketib, nosozlik holati boshlanganidan 77 soniya o‘tib, Tu-154B-2 boshqaruvni yo‘qotadi va qulay boshlaydi.

Samolyot qulayotganda nosozlik sabab uchta dvigatel avtomatik o‘chadi. Uchuvchilar kabinasidagi suhbatlardan ma’lum bo‘ladiki, ekipaj komandiri Belisov 23:43:53 da dispetcherga samolyotdagi uchta dvigatel ishlamay qolgani haqida xabar berishga ulguradi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, samolyot qulab tushayotganda ekipaj a’zolari so‘nggi soniyalargacha vaziyatni o‘nglashga urinishadi. Halokatga issiq ob-havoda samolyot yetarli darajada tezlik ololmagani sabab qilib ko‘rsatiladi. O‘sha kuni Tu-154B-2 Qarshidan parvoz qilayotganda havo harorati 30 daraja issiq bo‘lgan.

Samolyotning qora qutisini tekshirib ko‘rishganda Tu-154B-2 eng yuqori balandlik 11 600 metrga ko‘tarilishda belgilangandan ko‘ra sekinroq uchgani va oqibatda muammolar yuzaga kelgani ma’lum bo‘ladi.

Rasmiy xulosada uchuvchilar samolyotni boshqarishda xatolarga yo‘l qo‘ygani ko‘rsatiladi. Ammo boshqa uchuvchilar bunday fikrda emasdi. 

Norasmiy xulosalar

Tu-154B-2 samolyoti qulab tushgandan so‘ng aksariyat uchuvchilar hodisani o‘rgangan komissiya xulosasiga qo‘shilmaydi. Ular hodisaga samolyot konstruksiyasidagi kamchiliklar va uchuvchilarning yetarlicha dam olmasdan parvoz qilaverishi sabab bo‘lgan, deyishadi. Ularga ko‘ra, o‘shanda Tu-154B-2 samolyoti ekipaji O‘zbekistondagi issiq ob-havoga qaramasdan, sutkalab dam olmasdan parvoz qilgan va og‘ir sharoit ularni toliqtirib qo‘ygan.

Ular samolyot ekipaji Toshkentda ham dam olishga ulgurmasdan avval Qarshiga, sanoqli soatlardan so‘ng Leningradga uchganiga e’tibor qaratishgan. Ularning fikriga ko‘ra ekipaj a’zolari yetarlicha dam olganda ular samolyotning avtopilotini yoqmasdi va vaziyatni nazorat qila olardi.

Hodisa sabablari haqida bir qancha taxminlar bildirilgan. Ulardan biriga ko‘ra, samolyot hojatxonasidan suv oqib ketgan va u elektr tizimiga zarar yetkazgan. O‘z navbatida elektr tizimidagi muammolar tufayli samolyotdagi avtomatik boshqaruv va boshqa uskunalar ishdan chiqqan.

Boshqa bir taxminga ko‘ra, Tu-154B-2 samolyoti ekipaji dam olishlarsiz uzoq vaqt parvozda bo‘lgan va qattiq charchoq tufayli avtopilotni yoqib uxlagan. Har ikkala uchuvchi samolyot qulayotganda uyg‘onib ketgan va bu paytda vaziyatni o‘nglashning iloji bo‘lmagan.

Tu-154B-2 samolyoti Toshkentdan Qarshiga qo‘ngach uchuvchilarga dam olish uchun qisqa vaqt berishgan. Shu sababli qattiq charchagan uchuvchilar osmonga ko‘tarilgach, avtomatik boshqaruv tizimini ishga tushirib uxlagan bo‘lishlari ehtimoli yuqori.

Parvozlar haqidagi bir qancha kitoblar muallifi uchuvchi Vasiliy Yershov ham uchuvchilar avtomatik boshqaruv tizimini yoqib uxlagan, degan taxminni bildirgan.

Uning fikriga ko‘ra, samolyotning ko‘tarilishi va keskin pastlashi uchuvchilarning uxlaganidan dalolat beradi. Agar uchuvchilar uxlamaganda samolyotning keskin pastlashiga chora ko‘rishga ulgurishlari mumkin bo‘lardi.

Halokatga uchragan O‘zbekiston samolyotlari

1985 yilda Uchquduq yaqinida qulab tushgan samolyot o‘zbek aviatsiya tarixida yagona hodisa emas. Turli yillarda O‘zbekiston aviatsiya boshqarmasiga qarashli bir nechta samolyot qulab tushgan va ularda ancha odam halok bo‘lgan.

1. ANT-20bis samolyoti, Urganch-Toshkent yo‘nalishi. 1942 yil.

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasida ilk jiddiy halokat 1942 yil 12 dekabrda sodir bo‘ladi. O‘shanda Urganch-Chorjo‘y-Toshkent yo‘nalishida parvoz qilgan ANT-20bis samolyoti Toshkentga yetishiga 50 kilometr qolganda halokatga uchraydi.

Halokat oqibatida samolyot bortida 10 nafar ekipaj a’zosi va 26 nafar yo‘lovchining barchasi halok bo‘lgan. Keyinchalik, ekipaj komandiri yo‘lovchilardan biriga samolyotni ikkinchi uchuvchi sifatida boshqarishga ruxsat bergani va uning xatosi tufayli halokat sodir bo‘lgani aniqlanadi.

2. Il-18 samolyoti, Toshkent-Samarqand yo‘nalishi. 1970 yil

1970 yil 6 fevral kuni Toshkentdan Samarqandga parvoz qilayotgan Il-18 samolyoti Samarqandga 90 kilometr qolganda 2 700 metr balandlikda halokatga uchraydi. Oqibatda 7 nafar ekipaj a’zosi, 85 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi. Yo‘lovchilarning 7 nafari bolalar bo‘lgan.

Uzoq vaqt davom etgan surishtiruvlardan so‘ng mazkur halokatga dispetcher ekipaj komandiriga noto‘g‘ri ma’lumot bergani sabab bo‘lgan, deb topiladi.

3. Il-18 samolyoti, Samarqand-Toshkent-Leningrad yo‘nalishi, 1974 yil

1974 yil 24 iyun kuni Samarqanddan Toshkent orqali Leningradga uchayotgan Il-18 samolyoti Toshkentda halokatga uchraydi. Halokatga samolyotning dvigatelidagi nosozlik sabab bo‘lgan.

Samolyot Samarqanddan Toshkentga uchib borgach unda nosozlik aniqlanadi. Shundan so‘ng samolyotni ta’mirlashadi va parvoz vaqti 15 soatga kechikadi. Il-18 havoga ko‘tarilgandan biroz o‘tib undagi nosozlik oxirigacha bartaraf etilmagani oydinlashadi. Uchuvchilar samolyotni qo‘ndirayotganda u halokatga uchraydi. O‘shanda samolyot bortida 106 nafar yo‘lovchi, 8 nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan. Ulardan 1 kishi halok bo‘lgan, 22 kishi turli darajada tan jarohatlari oladi.

4. Il-18 samolyoti, Toshkent-Nukus-Mineralniye vodi yo‘nalishi. 1977 yil

1977 yil 15 fevralda Toshkent-Nukus-Mineralniye vodi yo‘nalishida parvoz qilgan Il-18 samolyoti Minvodaga yetib borganda havo qalin tuman bilan qoplangan edi. Samolyot ana shunday noqulay ob-havo sharoitida qo‘nish yo‘lakchasi hududiga kiradi. Birinchi urinishda qo‘na olmagan samolyot biroz tepaga ko‘tarilib aylanib oladi va yana qo‘nish yo‘lagiga tusha boshlaydi.

Ekipaj a’zolari samolyotni o‘nglab olishga ulgurmaydi. Uning chap qanoti qo‘nish yo‘lagidan 2 kilometr narida yerga kuchli zarba bilan uriladi va uzilib ketadi. Uchishda davom etgan samolyot aeroport hududidan chiqib ketib, yerga qulaydi va yonib ketadi.

Mazkur halokat oqibatida ekipaj komandiri va yana 76 yo‘lovchi halok bo‘ladi. Ularning 3 nafari bolalar bo‘lgan.

5. An-24 samolyoti, Toshkent-Navoiy yo‘nalishi. 1991 yil

1991 yil 23 mart kuni Toshkentdan Navoiyga parvoz qilgan An-24 samolyoti Navoiy aeroportiga qo‘nish chog‘ida halokatga uchraydi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 59 yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zolaridan 34 nafari halok bo‘ladi. 29 kishi tirik qoladi.

Halokatdan so‘ng o‘tkazilgan surishtiruvlarda ekipaj komandiri dispetcherga samolyot turgan balandlik haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergani aniqlanadi. Shu sababli samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga noto‘g‘ri mo‘ljal bilan keladi.

An-24 birinchi urinishda qo‘na olmagach, uchuvchilar aylanib kelish uchun tepaga ko‘tariladi. Ikkinchi urinishda samolyot uchuvchilari yana mo‘ljalda adashadi va samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketadi. Oqibatda u aeroport chetidagi beton to‘siqlarga urilib, yonib ketadi.

6. Yak-40 samolyoti, Termiz-Toshkent. 2004 yil.

2004 yil 13 yanvar kuni Termizdan maxsus reys bilan uchib kelgan Yak-24 samolyoti Toshkent aeroportiga qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib halokatga uchraydi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 5 nafar ekipaj a’zolari va 32 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlar orasida to‘rt nafar xorij fuqarosi, shu jumladan, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari britaniyalik Richard Konroy ham bor edi.

Halokatga uchragan Yak-24 1975 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, u so‘nggi marta 1999 yil Belarusda ta’mirlangan. Halokat sabablari o‘rganilganda u uchuvchilarning xatosi tufayli sodir bo‘lgani aniqlanadi. O‘sha kuni Toshkentda tuman tushgani tufayli uchuvchilar qo‘nish chog‘ida balandlik mo‘ljalini olishda xatoga yo‘l qo‘yishadi. Ular uchish-qo‘nish yo‘lagiga tushayotganda 70 metr o‘rniga 130 metr balandlikda bo‘lishadi. Oqibatda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketadi. U aeroportning beton to‘siqlarini yiqitib o‘tib, Qorasuv kanaliga qulaydi va yonib ketadi. 2004 yil 15 yanvar kuni mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilinadi.

Total
0
Shares
Previous Post

Navoiyda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokatni sodir etgan uquvsiz haydovchi uzoq muddatga qamaldi

Next Post

“Eng og‘ir hudud — Qashqadaryo, u yerga nima yordam kerak bo‘lsa beramiz”. Shavkat Mirziyoyev suv tizimi yo‘q bo‘lgan hududlar haqida

Related Posts

Navoiy shahar

Qurilish vazirligi tomonidan noqonuniy deb toplib rasmiy munosabat bildirgan obyektda qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda(mi)? Bu borada…
Batafsil