“Eng og‘ir hudud — Qashqadaryo, u yerga nima yordam kerak bo‘lsa beramiz”. Shavkat Mirziyoyev suv tizimi yo‘q bo‘lgan hududlar haqida

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-fevral kuni bo‘lib o‘tgan hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari yuzasidan yig‘ilishda og‘ir hududlarga beriladigan yordam haqida gapirdi. Bu “Menimcha” ko‘rsatuvida namoyish etildi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatida 317 ta mahallada suv tizimi yo‘q.

“41 ta mahallada umuman suv yo‘q, desak bo‘ladi. Shunday mahallalarda insonlar mingga yaqin vodovozlar bilan 100 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha suvni sotib olib, o‘z uyining oldidagi quduqqa to‘kib, 20 kun, bir oy vaqt davomida shundan foydalanyapti. Bu suvdan insonlar moliga ham, kir yuvishga ham ishlatyapti, o‘zi ham shundan iste’mol qilyapti”, — deydi Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov.

Shavkat Mirziyoyev uning gaplari to‘g‘riligini tasdiqlab, “hammasini to‘g‘ri aytadigan vaqt-soat kelganini” ta’kidladi. Prezident Qashqadaryo viloyati hokimiga alohida guruh yuborishini aytib o‘tdi.

“Eng og‘ir hudud — Qashqadaryo, u yerga nima yordam kerak bo‘lsa beramiz”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Yig‘ilishda Buxoro viloyatida bugungi kunda 140 ta mahalla aholisi ichimlik suvi muammosidan aziyat chekayotgani alohida ta’kidlandi. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bu masalalarda qilinayotgan ishlarni alohida qayd etib o‘tdi.

“Ayrim tumanlarda suv bilan ta’minot masalasi juda past, buni ham tan olib aytamiz. Bular Shofirkon, G‘ijduvon tumanlari. Peshku bilan Romitanga o‘tgan yili 85 milliardga 37 kilometrdan Buxorodan suvni tortdik. Hozirda esa Shofirkon va G‘ijduvon tumanlarimiz bizda eng og‘ir hududlar hisoblanadi”, — deydi u.

“O‘zi Buxoroga 30 yildan beri yo‘l bilan suvga pul berilmagandi. Biz 30 yil davomida ularga e’tibor bermagan edik. “Qilsa bo‘lar ekan-ku”, degan ibora xalqimizda paydo bo‘ldi. Bu chakana masala emas, shuni inobatga olib, qattiqroq harakat qilish kerak”, — dedi prezident Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovga.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mavjud 8 mingta suv qudug‘idan 1 500 tasi yaroqsiz holatga kelgan. Oqibatda qariyb 800 ta mahalladagi 2 million aholining suv ta’minoti yomonlashgan. Zomin, Nurota va Qo‘shrabot konlarida quduqlar qazish hamda Zarafshon va Chirchiq daryolari o‘zanidan qum-shag‘al olish nazoratsiz, pala-partish amalga oshirish oqibatida ushbu hududlarda yerosti chuchuk suv zaxiralari 30 metrgacha pasaygan.

Shavkat Mirziyoyev bu borada yo‘lga qo‘yilgan qonunbuzarliklarni keskin tanqid ostiga olib, prokuratura organlariga bu kabi holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

“Bunda qonunga zid ishlayotganlarga jazo muqarrarligi ta’minlanishi kerak. Birorta vallomat qonunsiz ish qilgan bo‘lsa hammasiga qonun ustuvorligini ko‘rsatish kerak. Xohlagan odam xohlagan yeridan kovlab yotibdi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Total
0
Shares
Previous Post

200 kishi halok bo‘lgan aviahalokat: Qarshidan uchgan samolyot nega qulab tushgandi?

Next Post

Turkmaniston prezidenti iste’foga chiqishini ma’lum qildi

Related Posts

Navoiy shahar

Qurilish vazirligi tomonidan noqonuniy deb toplib rasmiy munosabat bildirgan obyektda qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda(mi)? Bu borada…
Batafsil