Navoiyda 2024 yil davomida issiqlik taʼminoti tariflari 1 iyun va 1 oktyabrdan boshlab qimmatlaydi. Bu haqda Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi qarorida maʼlum qilingan.
Qaror Navoiy viloyati “Issiqlik manbai” DUK tomonidan koʻrsatiladigan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (tariflar) miqdorini maʼqullashni nazarda tutadi.
Jumladan, Navoiy shahrida aholi uchun 1 Gkal issiqlik miqdori narxi hozirda 75 ming soʻmni tashkil etadi. Bu boshqa ulgurji isteʼmolchilar va byudjet tashkilotlari uchun 330 mingni tashkil etadi.
1 iyundan narxlar aholi uchun 90 ming soʻmga, oktyabrdan esa 108 ming soʻmga oshadi. Boshqa isteʼmolchilar va byudjet tashkilotlari uchun bu narxi 600 ming soʻmni tashkil etadi. Yaʼni narxlar qariyb ikki barobar koʻtariladi.
Zarafshon shahrida aholi uchun 1 Gkal issiqlik miqdori narxi hozirda 200 ming soʻmni tashkil etadi. Narxlar iyun oyidan 230 ming soʻm, oktyabrdan esa 268 ming soʻmgacha oshadi. Ulgurji isteʼmolchilar va byudjet tashkilotlari uchun narxlar 950 ming soʻmgacha koʻtariladi (hozirda 660 ming soʻm).
Uchquduq shaxrida esa aholi uchun 1 Gkal issiqlik miqdori narxi hozirda 220 ming soʻmni tashkil etadi. Iyun va oktyabrda narxlar mos ravishda 230 ming va 268 ming soʻmgacha oshadi. Byudjet tashkilotlari ulgurji isteʼmolchilar uchun narx 950 ming soʻmgacha koʻtariladi (ayni damda 700 ming soʻm).