Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkidan maʼlum qilishlaricha, mGovAward davlat mobil ilovalari ishlanmasi uchun respublika tanlovining ikkinchi toʻlqini boshlanmoqda.
Tanlov Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklari hukumati bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda. Unda talabalar va oʻquvchilar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov taʼlim, sogʻliqni saqlash, sayyohlik, transport va logistika, tadbirkorlik, ekologiya va toza energiya, pul va soliqlar, qonunchilik kabi 8 yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi.
Unda ishtirokchilar ushbu yoʻnalishlardan biri boʻyicha davlat sektori uchun mobil ilova ishlab chiqishi kerak boʻladi.
Tanlovning pul mukofoti xuddi oʻtgan yildagi kabi 100 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Tanlov haqidagi batafsil maʼlumotlar mGovAward tanlovi rasmiy taqdimotining onlayn-translyatsiyasida maʼlum qilinadi.
Marosim 11 dekabr kuni 11:00 da boshlanadi.
mGovAward mobil ilovalar boʻyicha birinchi tanlov 2019-2020 yillarda 5 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkazilgan edi.
mGovAward mobil ilovalar tanlovining ikkinchi toʻlqini boshlanadi
