Haydovchi pora berayotgan vaqtda ushlandi

IIV shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda Zarafshon shahar prokuraturasi xodimlari hamkorligida tashkil etilgan tezkor tadbir davomida “Yutong” rusumli avtobus haydovchisi safdor Sherqul Boqiyevga 4 million so‘m berayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.

Navoiy viloyati IIB matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yil 9 iyun kuni Zarafshon shahar hududidan o‘tgan A-379 avtomagistral yo‘lida YPX inspektori safdor Sherqul Boqiyev odatdagi nazorat tadbiri vaqtida “Yutong” rusumli avtobusni to‘xtatib tekshirganida, haydovchi avtomobil boshqarish huquqini beruvchi hujjatni taqdim etolmagan. Bundan tashqari u spirtli ichimlik iste’mol qilgani taxmin qilinib, ekspert tekshiruvi amalga oshirilgan. Tasdig‘ini topgan tekshiruv hamda rasmiylashtirilgan bayonnoma asosida avtobus jarima maydoniga jo‘natilgan.

Avtobus haydovchisi mashinasini jarima maydonidan olib chiqish maqsadida YPX xodimiga telefon orqali muammosini ijobiy hal etishi evaziga 300 AQSH dollari va’da qiladi. Safdor Sherqul Boqiyev esa haydovchiga bir necha marta mazkur harakatlari jinoiy javobgarlikka olib kelishini aytsa-da, pora taklif qilishda davom etadi.

YPX xodimi esa vaziyat to‘g‘risida tegishli soha xodimlariga xabar beradi va IIV SHXBB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda Zarafshon shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etiladi. Tezkor tadbir davomida haydovchi YPX xodimiga 4 million so‘m pullarni berayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlanadi.

Ayni paytda haydovchiga nisbatan Zarafshon shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 211-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Manba: O‘zA

Total
0
Aktsiyalar
Previous Post

Navoiy shahriga 16 yil hokimlik qilgan Baxtiyor Hamdamov vafot etdi

Next Post

Navoiyda imtihonsiz “prava” olib bermoqchi boʼlgan sugʼurtachi ayol ushlandi

Related Posts