Shahar va tumanlar rivoji tanqidiy tahlil qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi yakunida hokimlar va sektor rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda shahar va tumanlardagi dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar koʻrsatib oʻtildi. Ayrim hokimlar poraxoʻrlik, tanish-bilishchilikka yoʻl qoʻygan, odamlar dardiga beʼtibor boʻlgan. Zarur mablagʻlar ajratilgan boʻlsa-da, ichimlik suvi, issiqlik va elektr taʼminotini yaxshilash ishlari sust tashkil etilgan. 

Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun ajratilgan subsidiya mablagʻlari maqsadsiz ishlatilgan. Viloyat banklarida muammoli kreditlar hajmi ortgan, kreditlarni notoʻgʻri ajratish, imtiyozli kreditlarga moʻljallangan mablagʻlarni talon-taroj qilish holatlari aniqlangan. Yoʻl-transport hodisalari, jinoyatlar soni oshgan.

Oʻz faoliyatida masʼuliyatsizlikka, jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygani uchun bir qator tuman hokimlari, hududiy idoralar rahbarlari vazifasidan ozod qilindi. Kamchiliklarni bartaraf etib, tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalar farovonligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

– Marralarimiz juda yuqori, xalqimiz bizdan amaliy natijalar kutayapti. Mana, bugun 10 ta rahbarni ishdan oldim. Bundan buyon ishlamagan rahbarlarga chora juda qattiq boʻladi. Bundan hamma xulosa qilishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari yigʻilish yakunida.

Shu bilan Prezident Samarqand viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Total
0
Aktsiyalar
Previous Post

Prezident mahalla faollari bilan suhbatlashdi

Next Post

Yoʻl harakati xavfsizligini kuchaytirish choralari muhokama qilindi