Qashqadaryo viloyati Qarshi xalqaro aeroporti aerovokzal kompleksining yangilangan uchib ketish zalida qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirildi.
Amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida uchib ketuvchilar uchun moʻljallangan bu zal ikki barobarga kengaytirildi va mazkur zalda soatiga avvalgi 200 oʻrniga 400 nafar kishiga xizmat koʻrsatish imkoni tugʻildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 apreldagi “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Qarshi xalqaro aeroporti infratuzilmasini, yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida aerovokzal kompleksida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Ilgariroq qaror ijrosi doirasida uchib keluvchilar uchun moʻljallangan zal kengaytirilib, unga zamonaviy, yirik quvvatli yuk yetkazish lentasi, boshqa uskuna va jihozlar oʻrnatilgandi.

Ayni paytda esa qurilish ishlari aerovozkalning fasad qismiga koʻchgan va uni Qarshi shahridagi fusunkor binolardan biriga aylantirish, aeroportda yoʻlovchilarga yuqori darajada qulayliklar yaratish koʻzda tutilgan.