Yoʻl harakati xavfsizligini kuchaytirish choralari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 fevral kuni yoʻllarda inson xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

– Bu masalani  oxirgi besh yilda biror rahbar, birorta tashkilot jiddiy va tahliliy  muhokama qilmagan. Bu soha boʻyicha qonunlar, ishlar mutlaqo qoniqarsiz. Yoʻl harakati xavfsizligi masalasi izdan chiqib ketgan. Bu odamlarning eʼtiroziga sabab boʻlayapti, – dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimizda 2021 yilda 10 mingdan ziyod yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq inson jarohatlangan. Eng achinarlisi, 2 ming 500 ga yaqin odam halok boʻlgan.

Tahlillarga koʻra, yoʻllardagi falokatlarning 25 foizi yoʻl holati yomonligi va infratuzilmasi oqilona tashkil etilmagani oqibatida kelib chiqmoqda. Masalan, Pop bilan Toʻraqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon va Denov, Samarqand bilan Gʻuzor oʻrtasidagi yoʻllar, A-373 yoʻlining Yozyovon tumanidan oʻtgan qismida har yili oʻnlab odamlar halok boʻlmoqda. Afsuski, bunday xavfli koʻchalar har bir viloyat, har bir tuman va shaharda bor.

Yigʻilishda yoʻl-transport hodisalari koʻp sodir boʻlayotgan hududlar koʻrsatib oʻtilib, mutasaddilariga intizomiy jazo choralari belgilandi. Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, Andijon va Samarqand viloyatlari yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari lavozimidan ozod qilindi.

Qayd etilganidek, transport hodisalarining koʻpiga haydovchilarning yoʻl qoidalarini qasddan mensimasligi va tajribasizligi, piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi ham sabab boʻlmoqda. Shu bois, bu yil barcha hududlarda “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” umummilliy dasturi amalga oshirilishi taʼkidlandi.

Qonunchilik palatasi va mutasaddi idoralarga yoʻl harakatiga oid qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqib, tubdan takomillashtirish vazifasi qoʻyildi. Chunki qoʻpol qoidabuzarliklar, ularni takror sodir etish holatlari koʻpaygan.

Jazo muqarrarligini taʼminlash maqsadida, bundan buyon, har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi belgilandi. Masalan, haydovchi tezlikni oshirsa, 1 ball, qizil chiroqda oʻtsa, 3 ball hisoblanadi. Agar bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va qayta imtihon topshiradi.

Bundan tashqari, haydovchilarning javobgarligini majburiy sugʻurta qilishda toʻlanadigan sugʻurta badali miqdorini jarima ballaridan kelib chiqib belgilash tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, avtomobilni tartibsiz boshqarib, boshqa haydovchilarga xalaqit qilganlik uchun alohida “yoʻl bezoriligi”, degan yangi javobgarlik turi kiritiladi.

Davlatimiz rahbari yoʻl harakati qoidalari eskirganini taʼkidlab, ularni xalqaro standartlar asosida, mutaxassislar va haydovchilar fikrini oʻrgangan holda yangilash boʻyicha topshiriq berdi.

Yigʻilishda haydovchilarni tayyorlash va imtihon qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Yurtimizda avtotransport vositalari yildan-yilga koʻpayib, haydovchilarning malaka darajasi va oʻzaro hurmati, aksincha, pasayib bormoqda. Yoʻl-transport hodisalarining 75 foizini 35 yoshgacha boʻlgan haydovchilar sodir etgan. Avtomaktablarda oʻqitilayotgan kitoblar gʻaliz, oʻquv dasturi eskicha.

Shu bois, bunday maktablarda taʼlim sifatini nazorat qilish vazifasi Ichki ishlar vazirligiga yuklatildi. Avtomaktablar va imtihon markazlariga boʻlgan talablarni qayta koʻrib chiqish, haydovchilikka oʻqitish samaradorligi va oʻqituvchilarning malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Transport oqimini boshqarishning eng samarali yoʻli – raqamlashtirish. Lekin bu boradagi ishlar yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, “raqamli boshqaruv” Toshkent shahridagi jami 602 ta chorrahadan 111 tasida bor, xolos. Boshqa shaharlarda esa bunday tizim yoʻq.

Toshkent shahar hokimligiga poytaxt yoʻllarida harakat boshqaruvini raqamlashtirish, ikki yilda barcha chorrahalarni raqamli tizimga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi. Hududlarda shunday tizimni joriy etish viloyat hokimlari zimmasiga yuklatildi.

Nukus shahri va viloyat markazlarida yoʻl harakatini boshqarish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy konsepsiyalar ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda yoʻllar holati va infratuzilmasidagi muammolar ham tahlil qilindi.

Oʻtgan yili yoʻl harakatiga oid masalalar boʻyicha aholidan 10 mingdan ziyod murojaat boʻlgan. Jumladan, transport serqatnov boʻlgan 2 mingdan ortiq chorraha va 10 mingga yaqin piyoda oʻtish yoʻlagi svetofor yoki boshqa vositalar bilan jihozlanmagan. Aholi punktlarida 15 ming kilometrga yaqin piyoda va velosiped yoʻlaklar yetishmaydi.

Bundan tashqari, yoʻl belgisi va koʻrsatkichlarining yarmi eskirib ketgan. Viloyat hokimliklariga qarashli yoʻl belgilari va svetoforlar oʻrnatishga masʼul korxonalarning koʻp texnikasi eskirgan. Endi bu korxonalar oʻsha hududdagi yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tasarrufiga oʻtkazilishi belgilandi.

Viloyat va tuman markazlarida yoʻl belgilari, svetofor va yoritgichlar oʻrnatish, chiziqlar chizish, piyodalar yoʻlagini belgilash, umuman, yoʻllarni tartibga solishga faqat Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi masʼul boʻladi. Bu ishlarni moliyalashtirish uchun bu tizimda “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika va viloyat jamgʻarmalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, yoʻl belgilarini ishlab chiqarishda “Avtoyoʻl”ning monopoliyasi bekor qilinadi va ushbu sohaga tadbirkorlar jalb qilinadi.

Davlatimiz rahbari koʻchalardagi harakatni haydovchi va piyodalar uchun qulay tashkil qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Yoʻllarda tartib-qoidalar ilm bilan hamohang boʻlishi kerak. Yirik shaharlardagi markaziy koʻchalarda tezlik cheklovlarini oqilona belgilash lozim. Jumladan, maktab va bogʻchalar oldida tezlik 30 kilometrdan oshmasligi shart. Ayrim gavjum koʻchalarda esa hozirgi 70 kilometr soatdan 60 kilometrgacha tushirish zarurati bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois sohaga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markaz tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, hokimlar soʻzga chiqdi.

Total
0
Aktsiyalar
Previous Post

Shahar va tumanlar rivoji tanqidiy tahlil qilindi

Next Post

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirini qabul qildi

Related Posts

Navoiy shahar

Qurilish vazirligi tomonidan noqonuniy deb toplib rasmiy munosabat bildirgan obyektda qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda(mi)? Bu borada…
Batafsil