Daraxtlarni ham kadastr qilish mumkinmi? Qay tartibda daraxtlarning kadastr pasporti shakllantiriladi?

Yurtdoshlarimizdan kelayotgan ushbu savollar yuzasidan Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi bosh mutaxassisi Shoxrux Abduraximov javob berdi.
– Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 83-moddasiga asosan koʻp yillik dov-daraxtlar ham koʻchmas mulk toifasiga kiradi. Demak, dov-daraxtlarga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. Koʻp yillik daraxtlarga bogʻlar, tokzorlar, tutzorlar va boshqa oʻrmon daraxtlari kiradi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish — yuridik va jismoniy shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga oʻtganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi faktini davlat tomonidan tan olinganini bildiradi.
Koʻp yillik dov-daraxtlarga kadastr pasportini rasmiylashtirish va unga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi 535-sonli qarori bilan tasdiqlangan Maʼmuriy reglamentlarga asosan amalga oshiriladi. Yuridik va jismoniy shaxslarning mulki boʻlgan koʻp yillik daraxtlarga koʻchmas mulkning bir turi sifatida kadastr yigʻmajildi tayyorlanadi va natijalari boʻyicha kadastr pasporti beriladi.
Kadastr yigʻmajildini tayyorlash jarayonida bogʻlar, uzumzorlar, tutzorlar va boshqa oʻrmon daraxtlarining maydonida oʻlchov ishlari oʻtkaziladi va koʻchatlarning soni aniqlanadi. Bogʻlardagi daraxtlar turlarga (olma, nok, shaftoli va boshqalar) ajratilmasdan, egallagan umumiy maydoni hamda soni aniqlanadi. Koʻp yillik daraxtlarning kadastr maʼlumotlari yer uchastkasining kadastr maʼlumotlari bilan birgalikda koʻrsatiladi.


Koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish ushbu koʻp yillik daraxtlar joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi. Hozirgi kunda koʻp yillik dov-daraxtlarga kadastr pasportini rasmiylashtirish va unga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish kompozit tarzda amalga oshirilmoqda.
Koʻp yillik daraxtlarning pasportini rasmiylashtirish va huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish koʻp yillik daraxtlarning turi va soni hamda ular egallagan yer maydoni haqidagi maʼlumotlarni kiritishdan iborat boʻladi.
“Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardan iborat.
Koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqining yuzaga kelishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun qishloq xoʻjaligi organlarining koʻp yillik dov-daraxtlarni foydalanish uchun qabul qilish toʻgʻrisidagi dalolatnomasi, tugatish komissiyasining fuqarolarga fermer xoʻjaliklari tashkil etish uchun qishloq xoʻjaligi kooperativlarining (fermer xoʻjaliklarining) bogʻlarini va tokzorlarini auksionda sotish toʻgʻrisidagi bayonnomasi hamda tuman (shahar) hokimi va ijarachi oʻrtasidagi shartnoma, bogʻdorchilikka, uzumchilikka, ipakchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik tashkil etish uchun yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berish toʻgʻrisida tuman (shahar) hokimi va ijarachi oʻrtasidagi shartnoma, yer uchastkasini koʻp yillik dov-daraxtlar ekish huquqini berish uchun uzoq muddatli ijaraga berish toʻgʻrisidagi shartnomaga doir qoʻshimcha kelishuv, oʻrmon fondi yerlarini ijaraga berish toʻgʻrisida davlat oʻrmon xoʻjaligini boshqarish organlari va ijarachi oʻrtasidagi shartnoma boʻlishi kerak.


Koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun koʻp yillik dov-daraxtlarning oldi-sotdisiga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma, lizing toʻlovlari toʻliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma bilan notarial tartibda tasdiqlangan lizing shartnomasi, koʻp yillik dov-daraxtlarni hadya etish toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma, koʻchmas mulkni ayirboshlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma, meros qilib olish huquqi toʻgʻrisidagi va er-xotinning umumiy mulkida boʻlgan koʻp yillik dov-daraxtlarning tegishli qismiga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan guvohnoma, sud qarorlarini va boshqa organlarning qarorlarini ijro etish chogʻida koʻchmas mulkni realizatsiya qilish boʻyicha auksion yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnoma, sudning qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud koʻp yillik dov-daraxtlarni berish toʻgʻrisida undiruvchi va qarzdor oʻrtasida tuzilgan, davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma boʻlishi zarur.
– Bu xizmatlar necha kunda amalga oshiriladi?
– Bunda kadastr pasporti tayyorlash 5 ish kunida, huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish 2 ish kunida amalga oshiriladi. Huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, kadastr pasportini tayyorlash esa bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari va har 1 gektar dov-daraxtlar bilan egallangan yer uchastkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizini tashkil etadi.
– Hamma daraxtlarni ana shunday hujjatlashtirsa boʻladimi?
– Yoʻq, barcha daraxtlarga kadastr pasporti shakllantirilmaydi. Xususan, yer uchastkasiga boʻlgan huquq rasmiylashtirilmagan yerlarga ekilgan koʻp yillik dov-daraxtlarga. Bundan oʻrmon fondining ijaraga olingan yerlariga ekilgan koʻp yillik dov-daraxtlar mustasno.
Koʻchatxonalardagi koʻchatlar, yuridik shaxslarning balansida boʻlmagan koʻp yillik dov-daraxtlar, foydalanish uchun qabul qilinmagan koʻp yillik dov-daraxtlar, koʻp yillik butazorlar va rezavor oʻsimliklar, oʻrmon xoʻjaliklarining va boshqa oʻrmon xoʻjaligi davlat korxonalarining, muassasalarining hamda tashkilotlarining balansidagi oʻrmonlar va koʻp yillik dov-daraxtlar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining koʻp yillik dov-daraxtlari, aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, shu jumladan tashkilotlarning yerlarida koʻkalamzorlashtirish maqsadida ekilgan koʻp yillik dov-daraxtlar, uzoq muddatli ijaraga berilgan yer uchastkalarida ijaraga beruvchining ruxsatisiz ekilgan koʻp yillik dov-daraxtlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi.
– Dov-daraxtlarning kadastr pasportini shakllantirish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish nima beradi?
– Koʻp yillik dov-daraxtlar ham koʻchmas mulk hisoblanadi. Demak, koʻchmas mulk boʻyicha barcha harakatlarni amalga oshirishda, masalan sotishda, hadya qilishda, meros qoldirishda unga kadastr pasporti rasmiylashtirilgan va unga boʻlgan huquq albatta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlishi shart. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq vujudga kelganidan keyin belgilangan muddatda (bir oy) davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasligi jarima qoʻllanilishiga sabab boʻladi.
– Manzarali daraxtlarga kadastr pasporti shakllantirilmaydimi?
– Shunday desak boʻladi, yaʼni aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, shu jumladan tashkilotlarning yerlarida koʻkalamzorlashtirish maqsadida ekilgan koʻp yillik dov-daraxtlar hamda foydalanish uchun qabul qilinmagan koʻp yillik dov-daraxtlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi.

Total
0
Aktsiyalar
Previous Post

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi tibbiyot birlashmasida ayol tugʻuruqdan soʻng vafot etdi.

Next Post

Navoiy shahar obodonlashtirish

Related Posts

Navoiy shahar

Qurilish vazirligi tomonidan noqonuniy deb toplib rasmiy munosabat bildirgan obyektda qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda(mi)? Bu borada…
Batafsil