Navoiyda MTT tizimi xodimlarining avgust konferensiyasi boʻlib oʻtdi

Mamlakatimiz rahbari qayd etganidek, millatning sogʻlom genofondini tayyorlash, avvalo, maktabgacha taʼlim tizimidan boshlanadi. Shu maʼnoda soʻnggi besh yilda sohaga daxldor oʻndan ortiq Qonun, farmon va qarorlar, jumladan, jahon amaliyotida deyarli uchramaydigan “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi” Qonun qabul qilingani yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan ulkan eʼtibordan dalolat beradi.

Mustahkam qonunchilik asosida maktabgacha taʼlim tizimi faoliyati takomillashib borayotganini Navoiy viloyati misolida ham koʻrish mumkin. Chunonchi, viloyatda 2018-2022-yillarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 995 taga (shundan 95 tasi davlat) koʻpayib, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 34.1 foizdan 80.9 foizga yetkazildi.

Bugungi kunda viloyatda jami 1 ming 127 ta MTT mavjud boʻlib, ularning 210 tasini davlat va 917 tasini nodavlat (4 tasi xususiy, 73 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida va 840 ta oilaviy) taʼlim-tarbiya muassasalari tashkil etadi.

Viloyatning MTTlarida taʼlim va tarbiya jarayonlari oʻzbek, rus, qozoq tillarida olib boriladi. Bugungi kunda davlat MTTlarining qariyb 90 foizi zamonaviy loyihalashtirilgan binolarga joylashtirilgan va 87 foizi markazlashgan tizimlarga ulanib, toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan. MTTlarning issiqlik tizimi ham toʻliq markazlashgan va zamonaviy lokal qozonlar orqali isitilishiga erishildi.

— Sohada taʼlim-tarbiyaning nodavlat shakli, jumladan, uning xususiy, davlat-xususiy sheriklik, oilaviy yoʻnalishlari ham keng joriy etilmoqda, — deydi Navoiy viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi Oʻtkir Tillayev. — Hozirda qamrov boʻyicha ularning ulushi 37,7 foizni tashkil etib, ushbu nodavlat sektorni rivojlantirish uchun 82 ta yirik loyihaga 170.1 mlrd soʻmlik imtiyozli kreditlar, ishga tushgan loyihalarga esa har oyda belgilangan tartibda byudjetdan subsidiyalar ajratib berilmoqda.

Shuningdek, tizimda taʼlim berishning muqobil shakllaridan ham keng foydalanilmoqda. Xususan, 2020-2022-yillarda barcha hududlarda 6 yoshli bolalar uchun 284 ta bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etilib, yakuniga yetgan 2021-2022 oʻquv yilida ularga 6 ming 923 nafar oʻgʻil-qiz qamrab olindi. Bundan tashqari Nurota, Navbahor, Konimex, Xatirchi tumanlarining qamrov darajasi past, davlat MTTlari mavjud boʻlmagan chekka qishloqlarida maxsus tayyorlangan va jihozlangan 9 ta ikki sotixli mobil maydonchalarda 20 ta mobil guruhlar tashkil etilib, har bir hududga shu maqsad uchun bittadan ajratilgan maxsus jixozlangan ISUZI avtobuslari orqali jami 318 nafar 3-7 yoshli bolalarga bepul taʼlim xizmatlari koʻrsatilishi taʼminlandi.

Taʼkidlash joiz, viloyatda bogʻcha yoshidagi imkoniyati cheklangan bolalarni ham maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish va ularni sogʻlom tengdoshlari qatorida sifatli bepul taʼlim-tarbiya olishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yil boshida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan homiylik asosida qurilib, jihozlangan 72 oʻrinli “UMID” koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat MTT Zarafshon shahar maktabgacha taʼlim boʻlimi balansiga begʻaraz (nol qiymatda) oʻtkazib berilgan boʻlsa, hozirgi kunda Navoiy shahridagi quvvati 110 oʻrinli 16-sonli davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan MTT mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan mukammal taʼmirlanmoqda.

— Shu bilan birga yil boshidan buyon davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yaʼni asosan jihozlash va joriy taʼmirlash uchun xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlardan tashqari, mahalliy hokimliklar tomonidan mahalliy byudjetdan qoʻshimcha manbalar hisobidan 13.7 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi, — deya davom etadi Oʻ. Tillayev. — Shuningdek, yakunlangan oʻquv yili davomida Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan viloyatdagi davlat MTTlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida markazlashgan holda qoʻshimcha 4.7 mlrd soʻmlik oʻquvgʻdidaktik materiallar, jihozlar va orgtexnika vositalari yetkazib berildi. Joriy yil yakuniga qadar taʼmirlashga 1.6 mlrd soʻm ajratilishi, 349 ta tayyorlov guruhlariga 22 turdagi hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotgan 14 ta davlat MTT qariyib 20.0 mlrd soʻmlik 55 turdagi jihozlarni yetkazib berish belgilangan.

Taʼkidlash joiz, taʼlim va tarbiya samarasida kadrlar salohiyati, bilim va koʻnikma darajasi muhim omillardan biri sanaladi. Bu borada ham islohotlar oʻz samarasini berib, salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, viloyat boʻyicha sohada jami 5 ming 584 nafar pedagog faoliyat koʻrsatib kelayotgan boʻlsa, ularning 2 ming 552 nafarini yoki 45.7 foizi (davlatda 50%)ni oliy maʼlumotli kadrlar tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich 2018-yilda bor-yoʻgʻi 26,5 foiz edi, xolos.

Bir soʻz bilan aytganda, maktabgacha taʼlim tizimi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish borasida davlat oʻz zimmasidagi majburiyatlarini bosqichma-bosqich taʼminlamoqda. Galdagi vazifalar taʼlim-tarbiya borasida sifat oʻzgarishlariga erishishdan iborat.

Soha xodimlarining “Maktabgacha taʼlim sifati: joriy holat va istiqboldagi vazifalar” mavzuidagi anʼanaviy viloyat avgust konferensiyasida shular xususida soʻz bordi.

Xususan, eng avvalo, yil yakuni bilan viloyatda 3-7 yoshli bolalar qamrovini 86,0 (6 yoshli bolalar qamrovini 90) foizga yetkazish yetkazish, 58 ta bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish va ularga 1 ming 160 nafar 6 yoshli bolalarni qamrab olish, kamida 50 ta davlat MTTlarida tarbiyalanuvchilarni “autsorsing” usulida ovqatlantirilishini(hozirda 60ta) yoʻlga qoʻyish, yangidan tashkil etiladigan 88 ta MTT va boshqa manbalar hisobiga jami 600 tadan ortiq yangi ish oʻrinlarini tashkil etish orqali aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollar bandligiga koʻmaklashish masalalari muhokama etildi. Maktabgacha taʼlim va tarbiyada ilgʻor uslublarni ommalashtirish, qamrov past olis (Tomdi 67,6%, Karmana 70,7%, Nurota 70,7%) tumanlarda har bir tashabbusni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim-tarbiya qozoq tilida olib boriladigan 17 ta davlat MTTni shu tildagi oʻquv dasturi va didaktik materiallar bilan taʼminlashni yaxshilash masalalari va bu boradagi yechimlar oʻrtaga tashlandi.

Yalpi yigʻilishdan soʻng konferensiya shoʻbalarga boʻlingan holda oʻz ishini davom ettirdi. Ularda maktabgacha taʼlim tizimining har bir boʻgʻinida oʻz uslubini yaratgan mutaxassislar oʻz taqdimotlarini oʻtkazdilar.

Temur ESHBOYEV

Total
0
Aktsiyalar
Previous Post

NAVOIYLIK SPORTCHI QIZLAR KONYADA 3 TA BRONZA MEDALNI QOʻLGA KIRITISHDI

Next Post

JURNАLIST VА EKOLOGLАR “NАVOIY” ERKIN IQTISODIY ZONАSIDА

Related Posts

Navoiy shahar

Qurilish vazirligi tomonidan noqonuniy deb toplib rasmiy munosabat bildirgan obyektda qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda(mi)? Bu borada…
Batafsil