Navoiy uy-joy narxi baland hududlar roʻyxatiga kirdi

2021 yilning IV choragida uy-joy narxining eng yuqori oʻsishi Buxoro (14,5 foiz), Andijon (12,1 foiz), Sirdaryo (12,1 foiz) va Samarqand (10,7 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

Oʻtgan yilda Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozori sezilarli darajada faollashgan. Bunga ipoteka kreditlari va arzon uy-joy dasturlarining koʻpayishi natijasida aholi tomonidan talabning ortishi, valuta kursining nisbatan barqarorlashuvi oʻz taʼsirini oʻtkazgan.  

2021 yilda oldingi yilga nisbatan 14,5 foizga koʻp oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirilgan. Uy-joy oldi-sotdi shartnomalarining sezilarli oʻsishi Namangan (42 foizdan ortiq), Buxoro (38 foiz), Andijon (34 foiz) va Samarqand (31 foizdan ortiq) viloyatlarida kuzatilgan. Toshkent shahri (-0,7 foiz) va Toshkent viloyatida (+1 foiz) tuzilgan shartnomalar soni deyarli oʻzgarishsiz qolgan. Bu haqda Markaziy bank tomonidan eʼlon qilingan 2021 yilning IV choragi yakunlari boʻyicha koʻchmas mulk bozori sharhida keltirib oʻtilgan.

Narx dinamikasi

2021 yilning IV choragida koʻchmas mulk narxlarining yanada jadal oʻsishi kuzatilgan. Xususan, oʻtgan yilning oxirgi uch oyida uy-joy narxlari respublika boʻyicha 5,1 foizga, Toshkent shahri boʻyicha esa 4,2 foizga qimmatlashgan.

Uy-joy narxining choraklik eng yuqori oʻsishi Buxoro (14,5 foiz), Andijon (12,1 foiz), Sirdaryo (12,1 foiz) va Samarqand (10,7 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

2021 yil yakunlariga koʻra, hududlar kesimida uy-joy narxlarining eng baland qiymati Toshkent shahri (1 kv metr uchun 7 mln 952,3 ming soʻm), Samarqand (5 mln 745,1 ming soʻm), Navoiy (4 mln 356,1 ming soʻm) va Toshkent (4 mln 208,9 ming soʻm) viloyatlarida, eng past narxlar esa Sirdaryo (2 mln 715,7 ming soʻm), Xorazm (2 mln 814,5 ming soʻm) viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (2 mln 879,9 ming soʻm) qayd etilgan.

Makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning uy-joy narxiga taʼsiri

Mamlakatdagi mavjud makroiqtisodiy sharoitlar koʻchmas mulk bozoridagi talab va taklif holatiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.

Markaziy bank ekspertlariga koʻra, iqtisodiy oʻsish, aholi daromadlarining oshishi, xususan, transchegaraviy transfertlar hajmining sezilarli oʻsishi, soʻm almashuv kursining nisbatan barqarorlashishi va inflatsiyaning sekinlashishi koʻchmas mulk sotib olish va sotish boʻyicha bitimlar sonining koʻpayishi va narxlarning oʻzgarishida asosiy omillar boʻlgan.

Jahon koʻchmas mulk bozori

2021 yil davomida jahon koʻchmas mulk bozorida narxlar oʻsishiga birinchi navbatda past foiz stavkalari katta taʼsir koʻrsatgan. Bu koʻchmas mulkning investitsion jozibadorligini oshirgan. Ayniqsa, oʻtgan yilning ikkinchi yarmidan boshlab inflatsiyaning tezlashishi aholida oʻz jamgʻarmalarini qadrsizlanishdan himoya qilish istagini uygʻotgan asosiy omilga aylanadi.

Knight Frank konsalting kompaniyasi tahlillariga koʻra, 2021 yilning III choragida, uy-joy qiymati yillik hisobda 9,4 foizga oshgan. Narxlar indeksi shakllantirilgan 56ta davlatdan 54tasida oʻsish kuzatilgan.

Shuningdek, dunyoning koʻplab mamlakatlarida inflatsiya darajasi turlicha boʻlganligi tufayli mol-mulk narxlarining nominal va real oʻsishi ham keskin farq qilgan.

IV chorak boshida esa China Evergrande kompaniyasidagi likvidlik inqirozi bozordagi vaziyatning keskinlashuviga olib kelgan.

Xalqaro tashkilotlar va ekspertlar prognozlariga koʻra, 2022 yilda koʻpchilik mamlakatlarda pul-kredit siyosatining nisbatan qattiqlashishi (2021 yilda boshlangan foiz stavkalarining yanada oshishi va aktivlarni sotib olish dasturlarining qisqarishi) kutilmoqda. Bu esa talab kamayishi, taklif oshishi va narxlar pasayishi uchun asos boʻlishi mumkin. 

Shu bilan birga, mamlakatlardagi aholi daromadlarining uy-joy narxiga nisbatan nomutanosib oʻsishi savdo hajmiga jiddiy taʼsir oʻtkazadi.

Avvalroq, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Oʻzbekistonning koʻchmas mulk bozoridagi talab oʻzgarishlari haqida maʼlumot berilgandi. Shaharlar kesimida uy-joy narxlarining eng baland qiymati Toshkent (1 kv metr uchun 753 dollar), Samarqand (553 dollar) va Navoiy (418 dollar) shaharlarida, nisbatan pastroq narxlar esa Nukus (277 dollar), Qarshi (289 dollar) va Guliston (289 dollar) shaharlarida qayd etilgan.

Total
0
Aktsiyalar
Previous Post

Oʻzbekistonda isitish tizimi ishlamagan kunlar uchun toʻlov chegirib tashlanadi.

Next Post

Ilon Mask 2022 yil oxirida sotuvga chiqishi kutilayotgan Tesla telefonini taqdim etdi.

Related Posts

Navoiy shahar

Qurilish vazirligi tomonidan noqonuniy deb toplib rasmiy munosabat bildirgan obyektda qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda(mi)? Bu borada…
Batafsil