Aholini roʻyxatga olishning tartibi va mohiyati

Aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqidagi maʼlumotlar mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirishda zarur boʻlgan ishonchli va xolis axborot sanaladi. Bunday maʼlumotlar maʼlum vaqt oraligʻida aholini roʻyxatga olish tadbirlari orqali toʻplanadi.

Respublikamizda esa oxirgi marta aholini roʻyxatga olish ishlari amalga oshirilganligiga 30 yil boʻldi. Buning natijasida aholining haqiqiy hayot tarzini oʻrganish va ularga amaliy yordam koʻrsatishda qator qiyinchiliklar vujudga keldi. Aholini roʻyxatga olish jarayoni uch bosqichni qamrab oladi.

Birinchisi — tayyorgarlik bosqichi. Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Bunda, aholini roʻyxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi boʻyicha aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini roʻyxatga olish bilan bogʻliq hujjatlar, jumladan, roʻyxatga olish varaqalari, roʻyxatga olishni tashkil etish va oʻtkazish, uning natijalarini olish va eʼlon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Ikkinchisi — asosiy bosqich 10 kundan 60 kungacha davrni oʻz ichiga oladi. Bunda bevosita aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va roʻyxatga olish materiallari topshiriladi.

Uchinchi bosqichda aholini roʻyxatga olishga doir birlamchi materiallar avtomatlashtirilgan dasturlarga kiritiladi, nazorat va tahrir qilinadi, aholini roʻyxatga olish boʻyicha dastlabki natijalar olinib, olingan natijalar eʼlon qilinadi va tarqatiladi.

Shu bois, Respublikamizda mustaqillik yillarida aholini roʻyxatga olish tadbiri ilk bor oʻtkazilayotganligini inobatga olib, tadbirga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni sifatli oʻtkazish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 710-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish 2023 yil 1-25 noyabr kunlari amalga oshirilishi belgilandi va roʻyxatga olish boshlanishining aniq payti 2023 yil 1 noyabr soat 00.00 etib belgilanadi.

Roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlari uch tilda (oʻzbek, rus va ingliz tillarida) eʼlon qilinishi belgilangan. Chora-tadbirlar dasturiga asosan, 2024 yil 1 dekabrga qadar aholini roʻyxatga olish yakuniy natijalari rasman eʼlon qilinadi hamda aholini roʻyxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.

Shu bilan birga aholini roʻyxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos va sifatli oʻtkazish uchun kartografik materiallarning aniqligi muhim hisoblanadi. Shu maqsadda, Davlat kadastr palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda aholini roʻyxatga olish uchun zarur boʻlgan miqdorda shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari tayyorlandi.

Bir soʻz bilan aytganda, aholi toʻgʻrisida toʻplanadigan maʼlumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, aholimiz oʻzlarining kelajagi uchun aholini roʻyxatga olish jarayonlarida faol ravishda ishtirok etishlari lozim boʻladi.

Navoiy shahar statistika boʻlimi

Total
0
Aktsiyalar
Previous Post

Navoiyda imtihonsiz “prava” olib bermoqchi boʼlgan sugʼurtachi ayol ushlandi

Next Post

VILOYAT RAHBARI NAVOIY SHAHRIDA OLIB BORILAYOTGAN QURILISH-TAʼMIRLASH ISHLARI BILAN TANISHDI

Related Posts

Navoiy shahar

Qurilish vazirligi tomonidan noqonuniy deb toplib rasmiy munosabat bildirgan obyektda qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda(mi)? Bu borada…
Batafsil