Navoiy viloyatida davlat soliq xizmati organlari tashabbusi bilan 13 ta mahalla tanlab olinib, ichki koʻchalarda soʻri usulida uzum yetishtirish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Ixcham va zamonaviy koʻrinishda barpo etilayotgan metall konstruksiyalar mahallaga oʻzgacha koʻrk berish bilan birga uzum yetirishda yangi usul keng ommalashmoqda.Xatirchi tumanida azaldan uzumchilik yaxshi rivojlangan. Mahalliy aholi qir-adirliklar yonbagʻirlarida mayizbop uzum yetishtiradi. Sifatli mayiz esa eksportga yoʻnaltiriladi.Vodiylik sohibkor Rizamat Musamuhamedov tomonidan ishlab chiqilgan tokni soʻrida oʻstirishning yaxshilangan usuli bugun Navoiy viloyatida ham keng ommalashmoqda. Xatirchiliklar ham 4-sektor rahbariyati tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, bu usulda uzum yetishtirish tajribasidan keng foydalanmoqda. Jumladan, tumanning “Qoʻshchinor”, “Chinobod”, “Chechakota”, “Xuddon” va “Bogʻishamol” mahallalarida aholi tashabbusi bilan koʻchalarda soʻrilar barpo etilmoqda.Chechakotadagi bunday xayrli ishlarda tuman hokimi ham xalq bilan birga hasharda qatnashmoqda.– Mahallamiz aholisi mehnatkash, tomorqadan unumli foydalanadi. Ayniqsa, 4-sektor rahbariyati tashabbusi, yaʼni uzumni bu usulda yetishtirish taklifi mahallamiz ahliga juda maʼqul tushdi, – deydi “Chechakota” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Oʻktam Ochilov. – Masalan, “Koʻkcha” koʻchamizda 480 tup uzum ekish maqsadida barpo etilayotgan uzum soʻrilari qoʻshni koʻchalar aholisi qiziqishini uygʻotib, ular ham amaliy ishlarni boshlab yubordi. Nasib etsa, pishiqchiliq mavsumida kelsangiz koʻchalarimizda pishib turgan uzumlardan yeb koʻrasiz.Uzumdan 21 million daromadBu xuddonlik Shavkat akaning oddiy daromadi. U 25 yildan beri uzumchilik bilan shugʻullanadi. Hovli tomorqasiga kelinbarmoq ekkan boʻlsa, koʻcha yuzida toifi parvarishlamoqda. Oʻtgan yili mehnatkash inson 3 tonna hosil yigʻib, uzumning oʻzidan 21 million soʻm daromad qildi.Soʻrida tartib bilan tarab qoʻyilgan toklarni koʻrib koʻzingiz quvnaydi. Ayniqsa, bahorda uning manzarasi boʻlakcha boʻladi.– Uzumchilikka juda qiziqaman, – deydi Shavkat Gʻaybullayev. – Xalqimizda azaldan hashar, butun mahalla bir boʻlib, turli tadbirlar oʻtkazish anʼanasi bor. Bir koʻchada qoʻni-qoʻshnilar birdamlikda hosil yetishtirsa, arigʻimiz bir, birga hashar qilib mehnat qilsak, ahil-inoqchilik yanada mustahkamlanadi. Qolaversa, qaysi koʻchada hosil moʻl boʻlaversa, u yerdagi tajriba boshqa koʻchalarga ham ommalashaveradi.
Navbahor tumanining “Oʻzbekiston” mahallasida Yangi Oʻzbekiston nafasi shudoqqina ufurib turibdi. Mahallaning “Kamalak” koʻchasining asosiy qismida voish tiklanib uzum ekilayotgan boʻlsa, yana bir qismiga shagʻal yotqizilmoqda.Viloyat boʻyicha mahallalar koʻchalariga yaʼni, 2 kilometr 68 metr masofaga qariyb 5 ming tup tokning Rizamat, kelin barmoq, ketmon sopi, toifi, mers kabi bir qator sara navlaridan ekish belgilangan. Hisob-kitoblarga koʻra 1 ming 734 nafar aholi yoki 356 xonadonda qoʻshimcha daromad manbai yaratilmoqda. Ana endi, mutaxassislarning fikriga koʻra, uzum 2-3 yilda hosilga kirsa, 3-yilda bir tup tok parvarishiga qarab 30 kilogramgacha hosil beradi. Demak, dastlab 5 ming tup tokdan 15 tonna hosil olinadi. 10 yildan soʻng esa, har bir tup 300 kilogrammdan hosil bersa, bu koʻrsatkich 1 ming 500 tonnaga yetadi. Shunda, 356 xonadonning har biriga 4,2 tonnadan hosil toʻgʻri kelsa, uzum narxi oʻrtacha 10 ming soʻmdan hisoblanganda ham bir yilda bir xonadon uzumning oʻzidan 42 million soʻm daromad oladi.
Muhimi, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallaning oʻzida sifatli hamda arzon narxlarda meva yetishtiriladi. Pirovard natija, mahalla va el dasturxoni toʻkin boʻladi.